Prezidentimiz chet elda mehnat qilayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish davlatning doimiy vazifasi ekanini alohida ta’kidladi. – Chet elda ishlayotgan har bir yurtdoshimiz – oilasining rizqi, farzandlari kelajagi uchun tinimsiz mehnat qilayotgan haqiqiy mard insonlar. Ular ham bizning fuqarolarimiz, bizning farzandlarimiz! – dedi Prezidentimiz. Xorijda muammoga duch kelgan vatandoshlarimiz endi yordam so‘rab, “Onlayn mahalla” platformasida xabar qoldira oladi. Zarur hollarda elchining o‘zi fuqaro oldiga borib, uning huquqini himoya qiladi va muammosiga yechim topish bilan shug‘ullanadi. – Chet elda mehnat qilayotgan birorta yurtdoshimiz o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmasligi kerak, – dedi Prezidentimiz. Hokimlar oldiga xorijda ishlayotganlarning oilasi va ota-onasi farovon hayot kechirishi, farzandlari yaxshi ta’lim olishi uchun sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi. Har bir vatandoshimiz qayerda bo‘lmasin, ortida uni qo‘llab-quvvatlaydigan Vatani borligini his qilib yashashi kerakligi ta’kidlandi. Facebook|Instagram|X