“RAQAMLI MEHNAT MUHOFAZASI” — XAVFSIZLIKNI BOSHQARISHDA YANGI RAQAMLI YECHIM “Temiryo‘linfratuzilma” AJning “Qo‘ng‘irot MTU” filialiga qarashli “Qo‘ng‘irot lokomotiv deposi” filialida o‘tkazilgan o‘quv-seminar maktabi doirasida “DAS UTY” MChJ bosh direktori o‘rinbosari E.N. Buriyev tomonidan mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligini ta’minlash jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan “Raqamli mehnat muhofazasi” axborot tizimi taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur axborot tizimi “DAS UTY” MChJ mutaxassislari jamoasi tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Harakat xavfsizligi va mehnat muhofazasi nazorati departamenti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, tizim muvaffaqiyatli ishga tushirilib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tegishli xodimlariga foydalanish uchun topshirildi. “Raqamli mehnat muhofazasi” axborot tizimi mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘yicha jarayonlarni yagona raqamli muhitda boshqarish, ma’lumotlarni tizimlashtirish hamda nazorat va monitoringni samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Tizim orqali mehnat muhofazasi bo‘yicha ma’lumotlarni yagona elektron bazada jamlash, korxonalar faoliyatini monitoring qilish, xodimlarning o‘quv mashg‘ulotlari va bilim sinovlarini nazorat qilish, baxtsiz hodisalarni qayd etish va tahlil qilish kabi jarayonlarni raqamlashtirish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, tizim orqali korxonalar, xodimlar, tekshiruvlar, o‘quv mashg‘ulotlari, baxtsiz hodisalar, maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari bilan bog‘liq ma’lumotlarni yagona platformada boshqarish imkoniyati mavjud. Raqamli platforma rahbariyat va mas’ul mutaxassislarga zarur ma’lumotlarni tezkor olish, mavjud holatni monitoring qilish, ko‘rsatkichlarni tahlil etish hamda mehnat muhofazasi bo‘yicha boshqaruv qarorlarini samarali tashkil etish uchun qulay raqamli muhit yaratadi. Eng muhimi, tizimning amaliyotga joriy etilishi mehnat muhofazasi sohasidagi jarayonlarni raqamlashtirish, nazoratni kuchaytirish, ma’lumotlar bilan ishlashni soddalashtirish va xavfsizlikni ta’minlashning zamonaviy mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu loyiha — shunchaki axborot tizimi emas. Bu — inson hayoti va salomatligi bilan bog‘liq eng muhim yo‘nalishlardan birini zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida boshqarish sari tashlangan muhim qadamdir. “DAS UTY” MChJ — temir yo‘l tizimida raqamli transformatsiya va innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etishda davom etmoqda. 🌐 das-uty.uz | 💬 Telegram | 📷 Instagram