HARAKAT XAVFSIZLIGI KUNIDA Bugun, 16-sentyabr kuni “Poyezdlar harakati xavfsizligi” kuni doirasida “Termiz MTU” filiali boshlig‘i G‘.O.Mamadaliyev “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Boshqaruv raisi tomonidan tasdiqlangan 1-N-sonli “Harakat xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi buyruq ijrosini ta’minlash maqsadida Termiz lokomotiv deposida mashinist-murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida harakat xavfsizligini ta’minlash, mehnat muhofazasi talablariga qat’iy rioya etish, xizmat vaqtida hushyorlikni oshirish, shuningdek, yuk va yo‘lovchilarni belgilangan talablar asosida xavfsiz manzilga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, lokomotivlardan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, lokomotiv brigadalarining smena davomida texnik nuqsonlarga yo‘l qo‘ymasligi, lokomotivlarning texnik va estetik holatini doimiy nazorat qilib borishi hamda “E-marshrut” dasturini o‘z vaqtida va sifatli to‘ldirish zarurligi ta’kidlandi. Muloqot davomida mashinist va mashinist yordamchilarining safar davomida duch kelayotgan muammo va kamchiliklari, harakat xavfsizligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlar hamda taklif va e’tirozlari tinglandi. Aniqlangan masalalarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan mas’ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berilib, ijro muddatlari belgilandi. Shundan so‘ng depo rahbariyati bilan birgalikda lokomotivlarni TO-2 ko‘rigidan o‘tkazish sexida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirildi. Ishchi-xodimlar uchun yanada qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. "Termiz MTU" filiali matbuot xizmati Rasmiy sahifalarimiz: 🚉 📱 Telegramm |📱 Facebook |📱 Web|