Ichki ishlar vazirligi xodimlari O‘zbekiston temir yo‘llari tizimi bilan tanishdi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlik va transport ob’yektlarida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi tashkiliy muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Musayev Maqsud boshchiligidagi xodimlar «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga tashrif buyurdi. Tashrif davomida mehmonlarga jamiyatda joriy etilgan axborot tizimlari va raqamli yechimlar, ularning ishlash jarayonlari hamda temir yo‘l sohasida boshqaruv va nazoratni raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, mehmonlar «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning tegishli tizimlari va situasion markazlari faoliyati bilan tanishib, ularning transport jarayonlarini monitoring qilish, ma’lumotlarni tahlil etish va tezkor boshqaruvni ta’minlashdagi imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Tashrif yakunida tomonlar transport sohasida xavfsizlikni ta’minlash, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. |Site|Telegram|Facebook|YouTube|Instagram|X